
🌿 “Control Union Uzbekistan” tomonidan Karantin agentligi va Guliston Davlat Universiteti laboratoriyasi bilan uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-yil aprel oyida ekologik qishloq xo‘jaligi sohasida muhim qadam qo‘yildi — “Control Union Uzbekistan”, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi hamda Guliston Davlat Universitetining Agro-biotexnologiya va biokimyo ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Control Union va O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Karantin va o'simliklarni himoya qilish agentligi o'rtasida hamkorlik, o'zaro yordam va axborot almashish maqsadida imzolangan ushbu memorandum, mamlakatimizda ekologik qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan.
Ushbu memorandumning asosiy maqsadi:
O‘zbekistonda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish; Organik mahsulotlar sifatini oshirish, tahlil qilish va nazorat qilishda kuchli laboratoriya tizimini yaratish; Karantin nazorati, laboratoriya tekshiruvlari va xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlash jarayonlarini uyg‘unlashtirishdan iborat.

Hamkorlik yo‘nalishlari:
1. Organik yerlar identifikatsiyasi: Uch tomon birgalikda organik qishloq xo‘jaligiga yaroqli yer maydonlarini aniqlash, baholash va rasmiylashtirishni amalga oshiradi.
2. Mutaxassislar va fermerlar uchun treninglar: “Control Union Uzbekistan” tomonidan karantin inspeksiyalari, agroekologik usullar, biologik zararkunandalar nazorati va boshqa mavzularda amaliy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
3. Ilmiy laboratoriya tahlillari: Guliston Davlat Universiteti laboratoriyasi tomonidan mahsulotlarda GMO, pestitsid qoldiqlari va og‘ir metallar miqdori bo‘yicha akkreditatsiyalangan laboratoriya sinovlari o‘tkaziladi. Tahlillar O‘zbekistonda amaldagi va xalqaro organik standartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Sertifikatlash va monitoring: Organik mahsulotlarga xalqaro e’tirofga ega sertifikatlar berish, inspeksiya jarayonlarini nazorat qilish va monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.